Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS qarshilik harakatining sionistlarga hujumidan soʻng tuzilgan harbiy vazirlar mahkamasini tarqatib yubordi. Bu haqda ishgʻolchilarning OAV larida xabar berildi.
Tegishli qaror Isroil sobiq mudofaa vaziri Benni Gants harbiy vazirlar mahkamasidan iste’foga chiqishini e’lon qilganidan keyin qabul qilingan. Uning ortidan Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi sobiq boshligʻi Gadi Ayzenkot ham harbiylar kabinetini tark etgan.
Netanyaxu endi kichik bir guruh doirasida, jumladan, harbiy kabinetda ishlagan Mudofaa vaziri Yoav Gallant va Strategik ishlar vaziri Ron Dermer bilan Gʻazodagi harbiy harakatlar boʻyicha qarorlar qabul qilishi kutilmoqda.
Harbiy vazirlar mahkamasi 2023-yil 7-oktyabrda, HAMAS hujumidan koʻp oʻtmay tuzilgan. Unda Netanyaxuning sheriklari bilan bir qatorda muhim siyosiy raqiblari, jumladan Benni Gants ham bor edi.
Ma’lumot uchun, 10-iyun kuni Gants harbiy kabinetdan iste’foga chiqishini e’lon qildi va mamlakatda muddatidan oldin saylovlar oʻtkazishga chaqirdi. U Netanyaxuni HAMASga qarshi urush boʻyicha aniq rejasi va Gʻazo sektori boʻyicha urushdan keyingi strategiyasi yoʻqligi uchun tanqid qilgan.