Jamiyat, Jinoyat

Plastikka tushgan ish haqlari kredit bahona yechib olingani aniqlandi

Plastikka tushgan ish haqlari kredit bahona yechib olingani aniqlandi

Bir guruh fuqarolar oylik ish haqlari plastik kartochkaga kelib tushganda bank asossiz ravishda “kreditdan bo‘lgan qarzdorligi uchun” deb pullarini yechib olib qo‘yganligidan norozi bo‘lib shikoyat qilishgan. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili holatni o’rgandi.

Qayd etilishicha, ular “Agrobank” ATB Arnasoy filiali bilan kredit shartnomasi rasmiylashtirishgan. Lekin, mazkur bank filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari S.A. ularga qo‘ng‘iroq qilib, oylik maoshlari kamligi sababli kredit mablag‘lari berilmaydigan bo‘lganligini og‘zaki xabar qilgan va o‘z mansab mavqeidan foydalanib, bir qator fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirgan.

Jumladan murojaatchi A.I. nomiga jami 18,5 mln so‘m yillik 26,99 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 4 yil muddatga kredit olgan. Fuqaro o‘zining nomiga chiqarilgan bank kredit kartasini olishni rad etgan bo‘lsada, ularning xabarisiz ushbu karta mablag‘larini o‘z nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazishga erishib, kredit mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudining 2023-yil 11-apreldagi hukmiga ko‘ra, S.A. Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan aybdor deb topilib, bank sohasida hamda boshqa tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan hamda unga 7 yilga ozodikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Shuningdek, ayblanuvchi S.A.dan jami 145 mln so‘m miqdorida moddiy zarar sifatida “Agrobank” ATB Arnasoy filiali foydasiga undirish belgilangan.

Shunday bo‘lsada, mazkur bank filiali tomonidan kreditni qoplash uchun murojaatchilar nomiga “sms” talabnomalar kelib, plastik kartalariga kelib tushgan oylik ish haqidan kreditlarni qoplash uchun pul undirilishi davom etgan.