AQSHning Iordaniyadagi harbiy kontingenti soni so‘nggi 20 yil ichida – sionistlar homiysi Iroqqa bostirib kirganidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda TRT telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden 7-iyun kuni Kongressga Vashington Hoshimiylar qirolligi boshqaruvi ostidagi Iordaniyaga 3813 askarini joylashtirganini aytdi – bu dekabr oyiga nisbatan qariyb 20 foizga ko‘p.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, AQSHning Iordaniyadagi qo‘shinlari sonining ko‘payishi Isroilning G‘azodagi qirg‘ini fonida yuz bermoqda, bu o‘z-o‘zidan mamlakatni AQSH va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlar nuqtasiga aylantirishi mumkin.
Misol uchun, yanvar oyida Iroqdan kelgan Eron tarafdorlari uchuvchisiz samolyotining Iordaniyadagi Tower 22 Amerika harbiy bazasiga hujumi natijasida uchta amerikalik askar halok bo‘lgan va kamida 40 kishi jarohat olgan edi.
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken o‘sha paytda yaqin Sharq kamida 1973-yildan beri eng “xavfli” nuqtaga aylanib borayotgani haqida jar solgandi.
Bunga javoban AQSH Iroq va Suriyadagi 85 ta obyektga zarba berdi – ular Eron tarafdorlari va Eron inqilobiy gvardiyasiga tegishli ekani aytilgan.
Bundan tashqari Iordaniya Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH bilan birgalikda Eronning Isroilga qarata otilgan snaryadlarini urib tushirishga yordam berganida ham jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lgan edi.
Shuningdek, Iordaniya Misrdan keyin Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolagan ikkinchi davlat bo‘ldi. Qirollik uzoq vaqtdan beri AQSH uchun ISHIDga qarshi kurashish va mintaqadagi manfaatlarni taʼminlash uchun barqaror tramplin vazifasini bajargan. Muvaffaq-Salti aviabazasi Amerika dronlari va qiruvchi samolyotlari uchun qarorgoh hisoblanadi.
Iordaniyada kamida 3000 nafar amerikalik harbiy xizmat qiladi hamda ular mamlakatning ko‘plab harbiy obyektlariga «to‘siqsiz kirish» imkoniga ega.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!