Jahon, Jamiyat

Tojikistonda madaniyatga yot kiyim va bolalarning hayit bayramlarini nishonlashi taqiqlandi

Tojikistonda madaniyatga yot kiyim va bolalarning hayit bayramlarini nishonlashi taqiqlandi

Tojikiston parlamentining yuqori palatasi chorshanba kuni “Anʼanalar va marosimlar to‘g‘risida”gi qonunga islomning ikki bayrami – Ramazon va Qurbon hayiti kunlarida “Idgardak” anʼanaviy bolalar sayllarini o‘tkazishni taqiqlovchi tuzatishlarni maʼqulladi.

Qayd etilishicha, bir necha yil avval Tojikiston Ulamolar kengashi mahalliy “Idgardak” anʼanasini, yaʼni bolalarning ro‘za va haj tugashi munosabati bilan uyma-uy yurib, shirinliklar olishini diniy meʼyorlarga zid deb fatvo bergan edi.

Bolalarning islom bayramlarini nishonlashiga oid qonunchilik bilan bir qatorda, “milliy madaniyatga yot kiyimlarni olib kirish, sotish va jamoat joylarida kiyishni” taqiqlovchi “begona kiyimlar” kiyishni taqiqlash ham tasdiqlandi.

“Barcha qonunlar belgilangan tartibda qabul qilindi”, dedi Majlis Milliy matbuot kotibi Navro‘z Qurbonzoda.

ASIA-Plus nashrining xabar berishicha, qonun qaysi turdagi kiyimlar “milliy madaniyatga yot” deb topilishi va sotish va kiyish taqiqlanishini aniq tartibga solmagan, biroq joriy yilning mart oyida mamlakat prezidenti Emomali Rahmon tojik din arboblari bilan uchrashuvda hijob va satrni begona kiyimlar ro‘yxatiga kiritgandi.

“Kiyimda yot madaniyatga taqlid qilish, yaʼni birovning satr va hijob deb atalmish kiyimini kiyish jamiyatimiz uchun yana bir dolzarb muammodir, – degandi Tojikiston prezidenti. – Kiyinish odob-axloqi va urf-odatlarini begonalashtirish madaniyat mustaqilligi va millatning milliy-madaniy o‘ziga xosligiga putur yetkazuvchi madaniy begonalashuvdir”.