Jamiyat, Jinoyat

Notcoin sotgan yana bir yigit qamaldi

Notcoin sotgan yana bir yigit qamaldi

Toshkentda Notcoin’ni noqonuniy sotgan 19 yoshli yigit qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum bo’lishicha, joriy yilning 20-iyun kuni Toshkent shahar IIBB ATSJQKB xodimlari tomonidan “TON” platformasi tekshirilgan. Natijada 2005-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan M.A. ismli shaxs joriy yilning 1-iyun sanasidan 7-iyunga qadar Telegram’da “Ton spase Notcoin” bo‘limi orqali hech qanday tegishli hujjatlarsiz ikki marotaba umumiy 8539 “NOT” miqdoridagi kriptovalyutani sotib olish, o‘zga shaxsga o‘tkazishni amalga oshirganligi aniqlangan.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida ushbu fuqaro M.A.ga hech qanday litsenziya berilmagani aniqlangan.

Mazkur holat joriy yilning 21-iyun kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish)ning 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va unga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida undan olingan iPhone 13 Pro Max rusumli uyali telefonining xotirasida mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlar tegishli tartibda o‘chirilgan hamda majburiy ijro organi tomonidan davlat foydasiga musodara qilinishi ma’lum qilingan.

Avvalroq Kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangan talaba yigit 10 sutkaga qamalgan edi.