Jahon

Rossiyalik 100 nafar bola yozgi ta’tilni O‘zbekistonda o‘tkazadi

Rossiyalik 100 nafar bola yozgi ta’tilni O‘zbekistonda o‘tkazadi

Rossiyadagi “Crocus City Hall”da sodir etilgan teraktdan jabrlangan rossiyalik oila farzandlari yozni O‘zbekistondagi oromgohda o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi ma’lum qildi.

Aytilishicha, terakt oqibatida jabrlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ushbu oilalarning 100 nafar farzandini Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirib, eng yaxshi sog‘lomlashtirish oromgohlarida bepul dam olishga taklif qilgan.

Bildirilishicha, kecha, 23-iyun kuni 100 nafar boladan iborat guruh va delegatsiya a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olingan.Yetib kelgan rossiyalik yoshlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi bolalar oromgohida 14 kun dam oladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili yozda Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafardan iborat bolalar guruhi O‘zbekistonga olib kelingan.