Yangi sanksiyalar paketining asosiy bandlaridan biri Rossiya suyultirilgan tabiiy gaziga (STG) taalluqlidir: bundan buyon uchinchi davlatlar uchun mo‘ljallangan rus STGni Yevropa portlari orqali qayta eksport qilish mumkin emas.
Biroq, Rossiya Federatsiyasidan Yevropa Ittifoqi davlatlarining o‘ziga STG yetkazib berishni taqiqlash joriy etilmagan. Shuningdek, neft va neft mahsulotlari narxlari chegarasini chetlab o‘tish uchun foydalanilgan Rossiya flotining 27 tankeriga, xususan, qurol-yarog‘ yoki Ukraina donini tashishda foydalanilgan kemalarga nisbatan ham sanksiyalar e’lon qilindi.
Ro‘yxatlarda – Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlagan yangi shaxslar
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi 55 jismoniy va 61 yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Yuridik shaxslar yoki kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat majmuasini (HSM) to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlagani uchun ro‘yxatga kiritilgan: gap uchinchi mamlakatlar – Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va BAA kompaniyalari haqida ham ketyapti.
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga, jumladan, tadbirkorlar Igor Altushkin, Roman Trotsenko va Taymuraz Bolloyev, shuningdek, qo‘shiqchi Polina Gagarina ham kiritilgan.
Sanksiyalarni chetlab o‘tish ustidan nazorat kuchaytiriladi
Yangi paket sanksiyalardan bo‘yin tovlashga qarshi kurash choralarini kengaytiradi: ikkilamchi maqsadlarda foydalaniladigan tovarlarni uchinchi mamlakatlarga yetkazib berish yanada qattiqroq nazorat qilinadi. Yevropa Ittifoqidagi kompaniyalar uchinchi mamlakatlardagi shu’ba korxonalari jazolarni chetlab o‘tish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanmasligini shaxsan ta’minlashi shart.
Bundan tashqari, «harbiy mahsulotlar» ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat nou-xaularini uchinchi davlat tijorat hamkorlariga o‘tkazayotgan Yevropa Ittifoqi operatorlari bunday nou-xau Rossiyaga mo‘ljallangan tovarlar uchun ishlatilmasligini ta’minlash uchun shartnoma qoidalarini kiritishlari kerak bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan Lixtenshteyn «Rossiyadan temir va po‘lat importiga cheklov choralarini qo‘llaydigan» hamkor davlatlar ro‘yxatiga qo‘shildi.