Jahon

Xitoyda mudofaa vaziri o’lim jazosiga hukm qilinishi mumkin

Xitoyda mudofaa vaziri o’lim jazosiga hukm qilinishi mumkin

Xitoyning sobiq mudofaa va tashqi ishlar vazirlari Li Shanfu va Tsin Gang o‘z lavozimlaridan chetlatildi va Xitoy Davlat kengashi – mamlakat hukumati tarkibidan chetlashtirildi. Tegishli qaror Xitoy Xalq Respublikasi parlamenti Butunxitoy xalq vakillari kengashi (BXVK) doimiy qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi. Bu haqda «Sinxua» davlat agentligi  xabar berdi.

Avvalroq ikkala vazir ham ishdan chetlashtirilgan edi. Li Shanfu rasman korrupsiyada, jumladan pora olish va berishda ayblangan. U Kommunistik partiya safidan chiqarib yuboriladi va o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Li XXR qurolli kuchlarining boshqaruv organi bo‘lmish Markaziy harbiy kengash tarkibidan chetlashtirilgani ham bir kun avval ma’lum bo‘ldi.

«U o‘zi va boshqalar uchun kadrlar mexanizmlari orqali noqonuniy ravishda daromad olgan, mansabidan foydalanib, boshqalar uchun foydali ishlar qilgan va buning evaziga katta miqdordagi pul va qimmatbaho narsalar olgan. Shuningdek, Li Shanfu manfaat yo‘lida boshqalarga pul taklif qilgan. Sobiq mudofaa vazirining xatti-harakatlari partiya ishiga, milliy mudofaa va qurolli kuchlar rivojiga, shuningdek, yuqori martabali amaldorlarning obro‘siga putur yetkazdi», — deyiladi «Sinxua» xabarida.