Jahon

Xitoy sharqida yuz bergan kuchli tornado oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

Xitoy sharqida yuz bergan kuchli tornado oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

Xitoyning sharqiy qismida 6-iyul kuni yuz bergan tornado oqibatida 5 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu haqda Xitoy mahalliy nashrlariga tayanib, CNN xabar berdi.

Tabiiy ofat haqida dastlab Xitoyning “Sinxua” davlat axborot agentligi xabar tarqatgan. Pekindagi hukumat nashrlari tornado haqidagi xabarlarni tasdiqlagan.

Tornado oqibatida ko‘plab turar joy binolari hamda davlat muassasalariga shikast yetgan. Daraxtlar yiqilib, yirik magistrallar to‘silib qolgan.

“O‘ta notabiiy ob-havo tornadoni keltirib chiqardi. Tabiiy ofat favqulodda tez boshlanishi oqibatida tayyorgarlik ko‘rishga ulgurilmadi “, — deyiladi tornado bevosita kuzatilgan Dongming tumani Favqulodda vaziyatlarni boshqarish byurosi xabarida.

“Sinxua” agentligi xabariga ko‘ra, Shandun provinsiyasining Kayyuan shahrida tornado oqibatida 2820 ta uy zarar ko‘rgan. 5 kishi halok bo‘lgan hamda kamida 88 kishi turli darajada jarohat olgan.

Xitoyda tornadolar vaqti-vaqti bilan uchrab turadi. Mamlakat sharqiy va janubiy hududlarida yiliga 100 ga yaqin tornado kuzatiladi. 1961-yildan beri Xitoyda 1772 kishi tornado olib kelgan vayrongarchilik oqibatida vafot etgan.

Oldinroq Xitoy meteorologiya boshqarmasi mamlakatdagi iqlim o‘zgarishi holati bo‘yicha yillik “Moviy kitob”ni eʼlon qilgan edi. Unda aytilishicha, mamlakat 1901-yildan beri eng issiq yilni boshdan kechirmoqda. Ekstremal iqlim sharoitida esa tabiiy ofatlar: tornadolar va dovullar tez-tez va nisbatan kuchli miqyosda sodir bo‘la boshlaydi.

Mamlakatning boshqa hududlari ham ekstremal ob-havo bilan kurashmoqda. Mamlakat shimolida kuchli qurg‘oqchilik va o‘ta yuqori harorat, janubda esa kuchli yomg‘irlar oqibatida toshqinlar kuzatilmoqda.