Aniqlanishicha, Jinoyat kodeksining 128-1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxs qamoqqa olingan.

“Sodir etilgan qilmish jinsiy jinoyatlar toifasiga tegishli bo‘lganligi sababli boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi prokuratura xabarida.

“Kun.uz”ning yozishicha, 2023-yilning dekabrida Navoiy shahrida joylashgan muzqaymoq shoxobchasi yerto‘lasida bir nechta yigit 2008-yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan qizni navbati bilan zo‘rlagan. Ayblangan yigitlarning eng kattasi 23, eng kichigi esa 18 yoshda. Yana bir yigit qizni tergov davomida aniqlashning imkoni bo‘lmagan manzilga olib borib, o‘sha yerda bir necha kun birga yashagan hamda u bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.

Navoiy shahar IIB tergovchisi (tergovchining ismi sharifi tahririyatga maʼlum) mazkur ishni tergov qilish jarayonida, yaʼni 2024-yilning yanvar oyida Toshkentda malaka oshirish o‘quv kursida bo‘lib turgan vaqtda, ushbu voyaga yetmagan qizni Toshkent shahriga chaqirib, u bilan jinsiy aloqa qilgan. Buni Kun.uz‘ning bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikki manbasi tasdiqlagan. Manbalarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan ish ochilib, tergovchi ham qamoqqa olingan.

Holat yuzasidan 6 nafar yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sudlanuvchilarning ikki nafariga 3,5 yil, bir nafariga 4,5 yil va bir nafariga 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Hozirda yana bir necha yigitning yuqorida aytilgan jinoiy ishda jabrlanuvchi bo‘lgan voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlik holati bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.