Jahon

Qozog‘iston Rossiya qimmatli qog‘ozlaridan voz kechmoqda

Qozog‘iston Rossiya qimmatli qog‘ozlaridan voz kechmoqda

Qozog‘iston Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi o‘z mijozlaridan 10 avgustgacha Rossiya qimmatli qog‘ozlarini uning ixtiyoridan chiqarib olishni talab qildi, deb yozadi “RBK”. Bunga AQSHning Rossiya Milliy hisob-kitob depozitariysiga qarshi sanksiyalari sabab bo‘ldi.

“RBK” Qozog‘iston brokerlariga yuborilgan xabarnomani qo‘lga kiritgan. Unda aytilishicha, AQSHning bloklovchi sanksiyalariga tushgan Rossiya Milliy hisob-kitob depozitariysi bilan bog‘liq qimmatli qog‘ozlarni chiqarib olish bo‘yicha tranzaksiyalarni amalga oshirish zarur.

AQSH G‘aznachiligi iyun oyida Moskva birjasi va depozitariysiga qarshi sanksiyalar kiritdi, ammo ular bilan bog‘liq tranzaksiyalarga 13 avgustga qadar ruxsat berdi.

“Aslida, maktubda aytilishicha, ular barcha hisob-kitoblarni yakunlashni va Qozog‘iston depozitariysini Rossiya ISIN (identifikatsiya kodi) qimmatli qog‘ozlaridan tozalashni tavsiya qiladi. Qozog‘iston depozitariysi bu qimmatli qog‘ozlarni portfelda ko‘rishni istamayapti”, — deya Yevropaning Mind Money brokeri bosh direktori Yuliya Xandoshkoning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “RBK”.

Keyinroq Markaziy depozitariy TASS agentligiga maktub AQSH sanksiyalari bilan bog‘liqligi va qimmatli qog‘ozlarni olib chiqish muddati 10 avgustgacha belgilanganini tasdiqladi.

Depozitariy – qimmatli qog‘ozlarni (aksiya va obligatsiyalar) saqlaydigan va ular bilan tuzilgan bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilot.