Kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida sel kelishi sabab bo‘ldi. Shuningdek, Oqbuyra daryosi qirg‘oqlaridan toshib, O‘sh shahri ko‘chalarini, jumladan, markaziy bozorni suv bosdi. Eng kamida besh kishi – “Mol Buloq” dam olish zonasida suv oqimi 44 yoshli ayol va uning 6, 10, 19 yoshli qizlarini oqizib ketdi, O‘sh shahrida odamlarni evakuatsiya qilish jarayonida qatnashayotgan erkakni esa KamAZ tasodifan yurib ketishi natijasida bosib ketdi va o‘limiga sabab bo‘ldi.
O‘sh shahrida suv toshqini oqibatlari bartaraf etilgunga qadar favqulodda holat joriy etildi. 300 nafarga yaqin kommunal xizmat xodimlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari hamda O‘sh garnizoni harbiy xizmatchilari yo‘l va inshootlarni suv toshqinlaridan tozalashda ishtirok etmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, O‘sh viloyati va O‘sh shahrida sel oqibatida Qora-Suv taqsimlash zonasining 7,5 ming nafar isteʼmolchisi elektr taʼminotisiz qolgan. Sel 8 ta elektr ustunlarini yuvib ketgan. Oqim yettita mashinani ham yuvib ketgan, ulardan to‘rttasi topilgan.
7 yoshli qizning jasadi kecha, 14-iyul kuni taxminan soat 22:10 da Andijon (O‘zbekiston) shahridagi Shahronsoy kanalidan topilgan. “Dostuk” nazorat-o‘tkazish punktida uning jasadi Qirg‘iziston tomoniga topshirilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi Kaktus.media tahririyatiga aniqlik kiritishicha, qiz To‘loykan qishlog‘idagi “Molbuloq” dam olish maskanida bedarak yo‘qolganlardan biri. Uning onasi va ikki opasini qidirish ishlari davom etmoqda.
O‘sh shahridagi bozorlardan birida loy oqib ketgan ayolni ham qidirish ishlari olib borilmoqda.
O‘sh shahrida sel oqibatida 146 turar-joy binosi va bitta bolalar bog‘chasi vayron bo‘lgan. Bu haqda Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘sh viloyatining Qora-suv tumani Madi, Dodhoh, Boshbuloq qishloqlarida 642 ta uy va 9 ta ijtimoiy obyektni suv bosdi. To‘rtta maktab, bitta bolalar bog‘chasi, ikkita shifoxona, muzey va tez tibbiy yordam punkti binolari shikastlangan.
Qirg’izistonda boshlangan toshqin Andijonda ko‘prikni yuvib ketdi.
Andijon viloyatining Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlarida ham sel toshqinlari ko‘prik qulashiga sabab bo‘ldi.
Ko‘prik Jalaquduq tumani Yorqishloq qishlog‘idan o‘tuvchi «Oqbo‘yra soy» ustiga qurilgan. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning yozishicha, uning qulab tushishida soyda qo‘shni Qirg‘izistondan oqib kelgan va to‘satdan yuz bergan kuchli sel hodisasi asosiy omil bo‘lishi mumkin.
Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagani maʼlum qilindi.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ayni daqiqalarda viloyat hamda har ikki tuman rahbariyati vakillaridan tarkib topgan ishchi guruhi voqea joyiga yetib borgan va ish olib bormoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!