Jamiyat, Jinoyat

DXX: joylarda OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi

DXX: joylarda OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi, 1986 y.t. shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni IIV Akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 22 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Qarshi innovatsion taʼlim universiteti mutaxassisi 3 nafar fuqaroni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga mazkur oliy taʼlim muassasasidagi tanishlari orqali har birini 4 ming AQSH dollaridan, jami 12 ming AQSH dollari evaziga 2-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qiladi. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 11700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 1987 y.t. shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Olmaliq shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga Olmaliq shahrida yashovchi fuqarodan 3500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Urganch davlat universitetining fakultet dekani Gurlan tumanida yashovchi, 1990 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini mazkur oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirishda bo‘ladigan ijodiy imtihonlardan o‘tkazib berish evaziga 2600 AQSH dollari va 2,5 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Urganch ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabining bo‘lim boshlig‘i Bog‘ot tumanida yashovchi fuqaroga tanishlari yordamida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati institutiga o‘qishga kirishi uchun yo‘llanma olib berish va amaliy imtihonda ko‘maklashish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qiladi.

Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.