So‘nggi yillarda O’zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida ko‘plab tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda ulkan imkoniyatlarga ega hududlardan biri, bu shubhasiz – Toshkent viloyatidir.
Mamlakatning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ–135-sonli “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yana-da oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Xususan, Toshkent viloyatining 7 ta hududi – Chinoz, Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka va Zangiota tumanlari hamda Angren shahrida turizmni “Oltin halqa” konsepsiyasi asosida rivojlantirish belgilangan. Bugun, 23-noyabr kuni “Oltin halqa”ga kiruvchi, gastronomik turizm bo‘yicha peshqadam – Chinoz tumanida turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida navbatdagi qadam tashlandi.
Mazkur hududdan o‘tuvchi M-39 magistral yo‘li bo‘yida BMB HOLDING tashabbusi bilan qiymati 18 milliard so‘m bo‘lgan BMB Village majmuasining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Gastronomik, turistik hamda logistik qulaylik yaratishda ahamiyatga ega loyiha o‘zida Zaʼfaron milliy taomlari restorani, hostel, hammom, avtoturargoh, avtoyuvish shahobchasini o‘z ichiga oladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi 2025-yil 1-yanvarga qadar ishga tushirilishi mo‘ljallangan bo‘lib, unda 200 ta avtomashinaga mo‘ljallangan keng tarmoqli avtoturargoh, katta yuk mashinalari va yengil mashinalarni yuvish, ularga kompleks ravishda keng ko‘lamli texnik xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xizmatlarni amalga oshirish imkoni mavjud bo‘ladi.
Loyihaning ahamiyatli tomoni shundaki, Buyuk Ipak yo‘lining bir qismi hisoblanadigan, O‘zbekistonni Qozog‘iston bog‘lovchi “Yallama” posti orqali kirib keluvchi hamda chiqib ketuvchi xalqaro toifadagi yuk tashuvchi va yengil avtomashinalarni maʼlum bir muddat to‘xtab, xavfsiz xordiq chiqarib, taomlanib, avtomobilni texnik sozligini tekshiruvdan o‘tkazish kabi bir qancha xizmatlarni ko‘rsatuvchi majmuaning ishga tushirilishi hudud uchun juda muhim.
Ushbu ehtiyojdan kelib chiqib, bunyod etilgan BMB Village majmuasining kiraverish qismi klassik sharqona usulda bezatilgan bo‘lib, o‘ziga xos milliy muhitni aks ettiruvchi landshaft dizaynidan foydalanilgan. Undagi charxpalak va so‘lim ayvonlar bilan uyg‘unlashib ketgan zamonaviy va sharqona uslubda bunyod etilgan Zaʼfaron milliy taomlari restorani bir qancha tarkibiy qismlardan iborat bo‘lib, korporativ ovqatlanish uchun umumiy zal, do‘stlar yoki oila davrasida taomlanish uchun alohida xonalardan tashkil topgan. Restoranda nafaqat milliy taomlar, balki Yevropa, Turkiya oshxonasining eng mazali taomlari ham tayyorlanadi.
Shuningdek, mazkur majmuada xordiq chiqarish uchun Hostel, zarur gigiyenik vositalar bilan taʼminlangan hammom, avtomashinalar uchun xavfsiz va qulay avtoturargoh hamda avtoyuvish shahobchasi ham bunyod etilgan. Majmuada kelgusida elektromobillar uchun ham quvvatlash uskunalari hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish xizmatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!