Jamiyat

4 milliondan ortiq pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi

4 milliondan ortiq pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi

22-noyabr kuni Yashnobod tumanidagi Favqulodda vaziyatlar bo‘limining 20-yong‘in qutqaruv qismida pirotexnika vositalarini yo‘q qilishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar qildi.

4 milliondan ortiq pirotexnika vositalari

Tadbir davomida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan yirik miqdordagi yaʼni 4 mln. 65 ming 562 dona pirotexnika buyumlari dastlab suvda bo‘ktirilib, yaroqsiz holatga keltirilgan. So‘ngra maxsus handakka ko‘mib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Noqoqnuniy pirotexnika aylanmasi 7,2 barobarga oshgan

Maʼlum qilinishicha, shu kunga qadar, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar hamda bojxona nazorati jarayonida jami 77 ta holatda qiymati salkam 1 mlrd. so‘mlik, miqdori 7 mln. 390 ming donadan ortiq pirotexnika buyumlari ushlab qolingan.

Maʼlumot o‘rnida, ushbu holatlar bo‘yicha 5 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 53 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilgan.

Aniqlanishicha, joriy yilda ushlab qolingan pirotxenika vositalari miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobarga oshgan.

88 foizi bojxona organlari tomonidan ushlab qolingan

Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Axlimirzayevning maʼlum qilishicha, yo‘q qilingan pirotexnika vositalarining salkam 88 foizi yaʼni 3 mln. 537 ming donasi so‘nggi bir yil davomida bevosita bojxona organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan.

O‘zbekistonga noqonuniy pirotexnika ko‘proq qaysi davlatdan kiradi?

O‘zbekistonga noqonuniy pirotexnika vositalari asosan qo‘shni davlatlardan, xususan, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan olib kiriladi. Bu davlatlar bilan chegaralar orqali noqonuniy savdo yo‘llari mavjud bo‘lib, pirotexnika mahsulotlari noqonuniy ravishda mamlakatimizga kirib kelmoqda. Masalan, 2021–2023-yillarda 239 ta holatda qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik 300 mingdan ortiq pirotexnika buyumlarini noqonuniy olib kirish holatlari aniqlangan.

Javobgarlik kuchaytirildi

Joriy yilning aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik va O‘zbekistondan olib chiqqanlik, shuningdek, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki O‘zbekistonga olib kirganlik uchun mazkur huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra:

·      pirotexnika buyumlari ishlatganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan (1 million 700 ming so‘m) yigirma besh baravarigacha (8 million 500 ming so‘m) miqdorda;

·      pirotexnika buyumlari savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan (5 million 100 ming so‘m) o‘ttiz baravarigacha (10 million 200 ming so‘m) miqdorida;

·      respublikaga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish — bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan (10 million 200 ming so‘m) ellik baravarigacha (17 million so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.