Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi narkologik bemorlarga yaratilgan sharoitlar amalda yaxshilanmagani Ombudsman tomonidan tanqid qilingan edi.
Unda Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘tkazilgan monitoringda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi qayd etilgan.
Xususan, muassasa binosi to‘liq kapital taʼmirtalab holda bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmaganligi va bemorlarni ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emasligi, filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv mavjud emasligi, asbob-uskunalarning yaroqsiz holatda ekanligi va boshqa kamchiliklar aniqlangan.
Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan taqdimnomalar asosida tegishli chora tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Taxiatosh tumanida joylashgan filialning binosi eskirganligi, bugungi kunda bemorlarni saqlashda va davolashda antisanitar holatga kelganligini inobatga olinib, bemorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 3-iyul kungi buyrug‘iga asosan, Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi.
Kuni kecha Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili ushbu muassasaga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Monitoringda bemorlarga yashash, ovqatlanish, sayr qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa sharoitlar o‘rganildi va sharoitlarning yaxshilangani aniqlandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filiali direktori o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.