“Orient Finans Bank”ka nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, bunga bankning Termiz filiali tomonidan reklama qonunchiligi buzilgani sabab boʻlgan. Termiz shahri “Hakim at-Termiziy” koʻchasidagi bank ofisi reklama vositalarini oʻrnatish huquqini beruvchi hujjatlari boʻlmay turib, bank oldida tashqi reklamalarni joylashtirgan. Yaʼni, ofisning reklama joylashtirish huquqini taʼminlovchi pasport, guvohnoma, ruxsatnoma va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlari boʻlmagan.
Bundan tashqari, filial ish faoliyati davomida reklama axborotini tarqatish boʻyicha mahalliy hokimliklar bilan belgilangan tartibda shartnomalar imzolanmasdan kelgan.
Shu hisobda, filial “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 24- va 25-moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzgani aniqlangan.
Yakunda “Orient Finans” XATB Termiz filialiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!