Davlat dumasi Rossiya pasportini olgan xorijliklarning harbiy xizmat muddatini oshirish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat dumasi Rossiya pasportini olgan xorijliklarning harbiy xizmat muddatini oshirish tashabbusini ilgari surdi, deb xabar berdi lenta.ru nashri. Shuningdek, yangi fuqarolar uchun chaqiruv yoshini uzaytirish ham taklif qilinmoqda.
Davlat Dumasi matbuot xizmati Rossiya fuqaroligini olganlar uchun chaqiruv yoshini qanchaga oshirish taklif qilinayotganiga aniqlik kiritmadi. Avvalroq LDPR va “Yagona Rossiya” partiyasidan bir guruh deputatlar fuqarolikka ega bo‘lganlar uchun harbiy xizmatga chaqirilish yoshini 50 yoshga ko‘tarishni taklif qilgan edi, biroq tanqidlardan so‘ng Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin qonun loyihasini parlamentdan qaytarib oldi.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olgan chet el fuqarosi yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab ikki hafta ichida harbiy xizmatga ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Rossiya fuqarolari uchun harbiy xizmatga chaqirilishning maksimal yoshi 30 yosh. 2008 yildan beri Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun armiyadagi harbiy xizmat muddati 12 oy.
Iyun oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin RF pasportini olgan 10 mingga yaqin muhojir Ukrainadagi “harbiy maxsus operatsiya” zonasiga jo‘natilganini maʼlum qilgan edi. Uning taʼkidlashicha, migrantlarni mehnatga jalb qilishda milliy xavfsizlik masalalari eʼtiborga olinishi kerak.
Deputatlar tegishli tuzatishlarni 4 avgustda yakunlanadigan bahorgi sessiya yakuniga qadar ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!