Hodisa, Jahon

Eron parlamenti HAMAS yetakchisining o‘limi sababli favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi

Eron parlamenti HAMAS yetakchisining o‘limi sababli favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi

Eron parlamentining Milliy xavfsizlik qo‘mitasi HAMAS harakati Siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniyaning Tehronda o‘ldirilgani munosabati bilan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda Eronning “IRNA” rasmiy axborot agentligi qo‘mita rahbari Ibrohim Rizoiyga asoslanib xabar berdi.

“Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi bugun shahid Haniyaga uyushtirilgan terakt munosabati bilan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi”, — dedi Rizoiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyan Haniyaning o‘ldirilishiga izoh berdi.

“Kecha Haniyaga g‘oliblik ishorasi bilan qo‘l silkitgandim, endi esa uni yelkamda ko‘tarib ko‘mishim kerak. Eron o‘z suverenitetini himoya qiladi va bosqinchi terrorchilarni qo‘rqoqlarcha qilgan harakatlari uchun pushaymon yediradi”, – dedi u.

Falastinning HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya Eron poytaxti Tehrondagi hujumda halok bo‘ldi.

HAMAS harakati matbuot xizmati Isroil armiyasi harakat yetakchisi istiqomat qilayotgan mehmonxonaga havodan zarba berganini qayd etdi.

Haniya Tehronga Eron prezidenti Masud Pezeshkiyanning inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun borgan edi.