Jahon

Mashrig‘ Xoniya: Otamning o‘limi Isroilga g‘alaba keltirmaydi

Mashrig‘ Xoniya: Otamning o‘limi Isroilga g‘alaba keltirmaydi

Tehronda o‘ldirilgan HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning qizi Mashrig‘ Xoniya otasining suiqasd oqibatida vafot etgani munosabati bilan videomurojaat e’lon qildi.

Xoniya o‘z murojaatida otasining o‘limi uchun Isroil mas’ul ekanini ta’kidlab, yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga ham murojaat yo‘llagan.

“Otamni o‘ldirish Isroilga g‘alaba keltirmaydi, aksincha, Falastin qarshiliklari yanada kuchayadi. Netanyaxu, agar g‘alaba qozondim deb o‘ylasang, adashasan!” deb ta’kidlaydi Mashrig‘ Xoniya.

Ma’lumot uchun, 31-iyul kuni HAMAS siyosiy idorasi rahbari Xoniya va uning qo‘riqchilaridan biri Tehrondagi qarorgohga qilingan hujumdan so‘ng halok bo‘ldi. Kecha, 1-avgust kuni Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Tehron universitetida Ismoil Xoniya uchun janoza namozini ado etdi. Xoniya bugun, 2-avgust kuni Dohaga dafn etiladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi Yaqin Sharq mintaqasida keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini yozgandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ismoil Xoniyaning o‘limiga AQSHning aloqasi yo‘qligini aytdi. Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroil hujumga uchrasa, Qo‘shma Shtatlar unga o‘zini himoya qilishda yordam berishini aytdi.