To‘qqiz yoshli qizga uylanishini targ‘ib qilgan erkak IIB ga chaqirtirildi.
Facebook’da 30 yoshli ayoldan ko‘ra 9 yoshli qizga uylanishni afzal ko‘rishini aytgan, unga uylanishni targ‘ib qilgan fuqaro bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
«30 ga kirgan, qirq beshinchi qo‘l, oliy ma’lumotli, bokira, ikki tarafdan nafas oladigan qizlarga uylangandan ko‘ra, 9 yoshligiga uylanishni ma’qul ko‘ramiz», — deb izoh qoldirgan edi Facebook foydalanuvchisi Abduroziqxon Abdukarimov.
Faollar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu hodisani keskin qoraladi. Xususan, bloger Zafarbek Solijonov agar profil egasi turmush yoshiga yetgan, o‘qimagan qizga uylanishni ma’qul ko‘raman deganda bunday e’tirozlar bo‘lmasligini aytgan.
«U qonun taqiqlaydigan tanlovni passiv targ‘ib qilgan. O‘zi tan olganidek, jahl ustida yozgan. Ijtimoiy tarmoqlarda fikr yozishga shoshmang. O‘ylanib yozing. Avvalo oilangiz, o‘zingizni o‘ylang. Qamalsangiz, hamma yaqiningizga jabr. So‘z erkinligidayam chegara bo‘ladi. Qonun bor», — deydi Solijonov.
Nurbek Alimovga ko‘ra, fuqaro Abdukarimov bungacha Facebook’da doimiy diniy mazmundagi post va izohlar bilan ancha tanilgan. Bahslarda shar’iy «hukmlar» yozib kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda har xil bo‘lar-bo‘lmas izohlar yozishdan oldin, sizni «katta og‘a» kuzatib turganini unutmang», — deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!