Jamiyat

Mirziyoyev mehnat ta’tilidan qaytdi

Mirziyoyev mehnat ta’tilidan qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Joriy haftada davlatimiz rahbari huzurida ijtimoiy-iqtisodiy kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan”, deydi Asadov.

Shuningdek, hafta davomida Prezident davlat tashrifi bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘lishi, Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” shaklidagi sammitda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Hafta yakunida Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Mirziyoyev birinchi mehnat ta’tiliga 2019-yil 5-avgustda chiqqan. 2021-yilda Prezidentning ta’tili 7 kun – 4-yanvardan 10-yanvargacha davom etgan. 2022-yilda esa Mirziyoyevning qisqa muddatli mehnat ta’tili 5-yanvardan 7-yanvargacha bo‘lgandi. Prezident o‘tgan yili 4-dekabrdan qisqa muddatli ta’tilga chiqqandi.