Eron va Tojikiston o‘rtasida 10-avgustdan umumiy xorijiy pasport egalari uchun vizasiz rejim joriy etiladi. Bu haqda kecha, 6-avgust kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“2024-yil 10-avgustdan Tojikiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi hukumatlari o‘rtasida umumiy xorijiy pasport egalari uchun vizani bekor qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi kuchga kiradi”, deyiladi bayonotda.
Hujjatga ko‘ra, ikki davlat umumiy xorijiy pasport egalari tomonlar hududiga birinchi kirgan kundan boshlab 90 kun ichida 30 kunlik muddatga vizasiz tashrif buyurish huquqiga ega.
Birinchi bosqichda vizasiz tizim joriy etilishi faqat Dushanbe – Tehron va Tehron – Dushanbe yo‘nalishi bo‘yicha havo qatnovidan foydalanadiganlar uchun amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq joriy yilning 15-iyul kunidan e’tiboran Tailand hukumati 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz kirish rejimini joriy qilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!