Jahon

Tolibon Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarni qayta belgilaydi

Tolibon Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarni qayta belgilaydi

Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi chegaralarni suv toshqinlari yuvib ketgan va ular qayta aniqlanadi. Bu haqda Tolibon hukumati energetika va suv resurslari vaziri Abdul Latif Mansurga tayanib, TOLOnews xabar berdi.

“Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarimiz suv toshqinlari tufayli yuvilib ketdi. Biz avvalgi chegaralarni aniqlash bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirmoqdamiz va 20 kun avval oliy rahbarimiz bilan bu masalani muhokama qilgan edik”, — dedi Mansur.

Unga ko‘ra, chegarani delimitatsiya qilish seldan jabr ko‘rgan Afg‘oniston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi chegaralarni aniqlash bo‘yicha yangi strategiyaga muvofiq amalga oshiriladi.

Mansurning aytishicha, «Islom Amirligi rahbari nomidan ishlab chiqilgan reja» (amir Haybatulloh Oxundzoda – AP eslatmasi) ichki ishlar, tashqi ishlar, mudofaa vazirliklari va razvedka bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Vazirlik vakillari Afgʻonistonning suv resurslarini boshqarish mintaqadagi hech bir davlatga zarar keltirmasligini taʼkidladi.

“Bizning hech bir harakatimiz qo‘shnilarimizga zarar yetkazish niyatida emas. Biz qo‘shnilar zarariga o‘zimizning haq ulushimizdan ko‘proq suv ishlatmadik va bunday qilmoqchi ham emasmiz”, — dedi Afg‘oniston Energetika vazirligining katta maslahatchisi Faruk A’zam.

Eslatib oʻtamiz, Tojikiston, Oʻzbekiston va qisman Turkmanistonning Afgʻoniston bilan chegaralari Amudaryo tubi boʻylab (Tojikistonda — Vaxsh bilan qoʻshilib, Amudaryoni tashkil etuvchi Pyanj daryosi boʻylab) oʻtadi. Uch respublikadan Tojikiston bilan chegara eng uzun – 1344 km.