Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi. Bu haqda Turkiya rahbarining kommunikatsiya idorasi xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, 2,5 soat davom etgan yig‘ilishda Isroil tomonidan Falastin hududlarida sodir etilgan qirg‘inlar, doimiy sulh va tinchlikka erishish uchun qilinishi kerak bo‘lgan qadamlar va dolzarb voqealar muhokama qilingan.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning Falastinning adolatli da’vosini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, Isroilni to‘xtatish va Isroilga xalqaro bosimni kuchaytirish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirishini aytdi.
Turkiya rahbari Isroil G‘azoda tinch aholini, jumladan, go‘daklarni qirg‘in qilish, begunoh falastinliklarni ko‘chirish, maktablar, shifoxonalar, tinch aholi boshpana topgan hududlarni otib tashlash, odamlarni ochlik va tashnalikka mahkum etishda davom etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim G‘arb davlatlarining jim turishi va Isroilga yordam berishda davom etishi qabul qilinishi mumkin emas.
Prezident Erdo‘g‘an G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va falastinliklarga insonparvarlik yordamlarining uzluksiz yetkazilishi uchun barcha davlatlar, ayniqsa Islom olamining sa’y-harakatlarini kuchaytirishi kerakligiga e’tibor qaratdi.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Abbosning bugun, 15-avgust kuni Turkiya Oliy Millat Majlisi Bosh Assambleyasida nutq so‘zlashidan mamnunligini bildirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!