Jahon

JSST maymunchechak tufayli favqulodda holat eʼlon qildi

JSST maymunchechak tufayli favqulodda holat eʼlon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) chorshanba kungi yig‘ilishda mpox (maymunchechak) infeksiyasini yana global favqulodda holat deb eʼlon qildi. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Afrika mamlakatlarida maymunchechakning katta epidemiyasi qayd etilgan va infeksiyaning boshqa qitʼalarga ham tarqalish xavfi mavjud.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus mpox xalqaro darajada tahdid solayotganidan xavotir bildirdi. Uning taʼkidlashicha, JSST yangi epidemiyadan jabrlangan mamlakatlarda ham, butun dunyoda davolanishni taʼminlash va kasallikning keyingi tarqalishining oldini olish bo‘yicha faoliyatini davom ettiradi.

Avvalroq Afrika qitʼasi miqyosida mpox bilan bog‘liq vaziyat tufayli favqulodda holat joriy qilingan edi. Yil boshidan buyon Afrikaning 18 davlatida 15 mingdan ortiq holat va 461 kishining o‘limi qayd etilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 160 foizga ko‘pdir.

Barcha holatlarning 90 foizdan ortig‘i Kongo Demokratik Respublikasida kuzatilgan. Burundi, Keniya, Ruanda va Uganda kabi mamlakatlarda birinchi marta mpox infeksiyasi qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash rasmiylari Afrikaning ustuvor vazifasi o‘z aholisini maymunchechakka qarshi zudlik bilan emlash ekanligini taʼkidlamoqda. Qitʼada infeksiya tarqalishini nazorat qilish uchun 10 million vaksina dozasi kerak, ammo hozirda faqat 200 ming vaksina mavjud.