Jamiyat

Qarshidagi bozorda nogiron ayol va uning nabirasi ayovsiz kaltaklandi

Qarshidagi bozorda nogiron ayol va uning nabirasi ayovsiz kaltaklandi

Qarshi shahridagi Orzu bozorida noqonuniy savdo qilayotgan ayollar tarozida o‘tirgan buvi va uning nabirasini ayovsiz kaltakladi.

Ma’lum qilinishicha, Axmedova Ziyoda 1988-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. U tug‘ilganidan buyon eshitmaydi va gapirolmaydi. Uning yaqinlari ham xuddi shunday dard bilan kurashib kelmoqda. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da Ziyoda 2014-yildan buyon Qarshi shahridagi xalq tilida Orzu bozori deb nomlanuvchi savdo markazida tozalik ishlarini bajarib keladi. Uning buvisi esa ushbu savdo markazining tashqi qismida tarozibonlik qiladi.

Ziyoda 13-avgust kuni odatdagidek ish kunini olib borayotganda, savdo majmuasining tashqi tomonida noqonuniy savdo qilayotgan bir nechta ayollar tomonidan kaltaklangan.

«4-5 ayol kishi kelib, mana shu nogiron ayolni qizi bilan urib tashladi. Bu sog‘lom odamni ishi emas. Uni urib tarozilarini sindirishdi. IIB nima qildi? Hech narsa. Milliy gvardiya ham yordam bermadi. Men atrofda hech qanday insonni ko‘rmadim », — dedi fuqarolardan biri.

Videoda ayollar Ziyoda va uning buvisiga shafqatsizlarcha tashlangani va manzildagi post-patrul xizmati xodimlari esa ushbu holatga jiddiy e’tibor qaratmaganini ko‘rish mumkin.

Ayni paytda kaltaklangan Ziyoda viloyat tez tibbiy yordam shifoxonasida davo muolajalarini olmoqda. Uning ahvoli hozircha yaxshi.

«Makkajo‘xorichilarni oldiga borgan. Men u yerni tozalayman, supuraman desa, bozorchilar uni haqorat qilgan va onasi, o‘zini urib, kiyimlarini yirtib, sochini yulishgan», — deb aytdi Ziyodaning gaplarini tarjima qiluvchi ayol.