Jahon

HAMAS G‘azo sulh bitimining yangi tahririni rad etdi

HAMAS G‘azo sulh bitimining yangi tahririni rad etdi

Falastinning HAMAS harakati AQSh tomonidan taklif qilingan Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining yangi tahririni rad etdi, chunki unda ilgari o‘zi tomonidan qo‘yilgan shartlar mavjud emas. Bu haqda AP guruh bayonotiga tayanib xabar berdi.

«Harakat o‘z bayonotida yangi taklifning avvalgi kelishilgan talqindan sezilarli darajada farq qilishini, ya’ni ular buni qabul qilishga tayyor emasligini bildirdi», deyiladi xabarda.

Jumladan, Isroil Misr bilan chegarada doimiy harbiy jangchilarni joylashtirish va G‘azoni ikkiga bo‘luvchi chiziqni o‘rnatish, uning bir qismida harakat jangarilarini aniqlash maqsadida uylariga qaytgan falastinliklarni tintuv qilish taklifini kiritgan. HAMAS buni rad etgan.

O‘z navbatida, EFE xabariga ko‘ra, HAMAS kelishuvga Isroilning keyinroq qo‘ygan talablarini emas, balki o‘z bandlarini kiritishni talab qilgan.

Shu bilan birga, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi Isroil AQSh va muzokaralardagi vositachilarning sa’y-harakatlarini va HAMASni kelishuv bandlarini qabul qilishga ishontirishga urinishlarini qadrlashini bildirdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden 16-avgust kuni jurnalistlarga G‘azo sektorida garovga olinganlarni Isroildagi falastinlik mahbuslarga almashtirish bo‘yicha muzokaralarda tomonlar kelishuvga har qachongidan ham yaqinroq ekanini aytdi. «Tomonlar Dohada muzokaralar boshlanishidan uch kun oldingi holatga qaraganda bir-biriga yaqinlashmoqda… Umid qilamanki, biz bir narsaga erishamiz», dedi Bayden.

Avvalroq, Dohadagi muzokaralarda Qo‘shma Shtatlar Misr va Qatar ko‘magida «o‘tgan haftada erishilgan kelishuvlarga asoslanadigan va kelishuvdagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli taklifni taqdim etgani, bu esa bitimning tez amalga oshirilishini ta’minlashi» xabar qilingandi.

15-avgust kuni Qatar poytaxti Dohada Qatar, Misr va AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar boshlandi.