Madaniyat

Malomat qilaversangiz, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman shu pullarni — Ozodbek Nazarbekov

Malomat qilaversangiz, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman shu pullarni — Ozodbek Nazarbekov

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov odamlar “Ovoz” loyihasiga ajratilayotgan mablag‘larni malomat qilaverishsa, o‘z uyini sotib, pullarni davlatga qaytarib berishini aytdi. Bu haqda kecha, 16-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasi haqida to’xtalib o’tdi.

“Ovoz” degan yoki “The voice” loyihaning o‘zi yetarli bizga. Bugungi kunda bu O‘zbekistonning imijini ko‘tarishga xizmat qiladi. Agar shuning uchun 2 mlrd ajratish jinoyat bo‘lsa, men roziman. O‘zbekistonning imiji uchun 76 ta davlatda eng top bo‘lib turgan, butun dunyodagi yagona musiqiy shouga ajratilgan 2 mlrd so‘mni malomat qilaversangiz, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman shu pullarni.

Bu O‘zbekistonning imijiga xizmat qiladimi yo‘qmi? Shu loyihaning O‘zbekistonga kirib kelganining o‘zi Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘zini ochib qo‘ydi. Hammasi menga telefon qilib, qachon biz ham qatnashamiz, deb so‘rayapti. Mamlakatning imiji uchun shu kerakmasmidi bizga? Bitta sportchi ham bir joyga borib yurtning imijini ko‘tarib, shu ishni qilyapti-ku aslida. Bu loyiha O‘zbekistonning talantlarini birdan xalqaro maydonga ko‘rsatib qo‘yyapti. Ularni 76 ta davlatda ko‘rishyapti. Ular O‘zbekiston degan davlatni xaritadan izlashga tushyapti. Qayerda u, deb so‘rayapti. Menga shu kerak edi. Bu brendning ovoza bo‘lgani kerak xolos. Shu ko‘rsatuv orqali bizga Kubadan ham ishtirokchilar kelmoqda. Menga ishoninglar, bu respublikada iste’dodlarning yuzaga chiqishi uchun, imijni ko‘tarish uchun xizmat qiladigan loyiha», – deydi Ozodbek Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, «The Voice of Uzbekistan” teleshousini O‘zbekistonda o‘tkazish uchun loyiha tashkilotchilariga byudjetdan 1 mlrd 989 mln so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi.