Jahon

Alen Delon vafot etdi

Alen Delon vafot etdi

Fransiyalik aktyor Alen Delon 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 18-avgust kuni “Le Figaro” gazetasi xabar berdi.

Alen Delon 1935-yil 8-noyabrda Parijning janubiy chekkasida tug‘ilgan. Uning bolaligi Burg-la-Reyn shahrida o‘tgan.

1957-yilda aktyor ishtirokidagi birinchi “Ayol aralashganda” filmi chiqdi. 1960 yilda u “Yorqin quyoshda” filmidan so‘ng o‘zining ilk muvaffaqiyatiga erishdi. Keyin “Rokko va uning birodarlari” va “Leopard” filmlari Delonga katta shuhrat keltirdi. Delon “Oltin globus” mukofotini ham qo‘lga kiritgan.

So‘nggi yillarda aktyor og‘ir kasallik bilan kurashib kelayotgan va ikki bor insultni boshdan kechirgandi. Bundan roppa-rosa bir oy oldin fransuz kino yulduzining qizi Anushka Delon og‘ir kasal bo‘lgan otasining suratlarini ommaga ko‘rsatgandi. Alen Delonga saraton va alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan edi. Ayolning qo‘shimcha qilishicha, suratlar otasining roziligi bilan olingandi.

Anushkadan tashqari, Alen Delonning ikkita o‘g‘li bor – Entoni va Alen-Faben Delon.

Ma’lumot uchun, aktyor “Samuray” (1967) va “Borsalino” (1970) filmlaridagi obrazlari bilan shuhrat qozongan. O‘zbekistonlik tomoshabinlar esa uni “Asteriks va Obeliks Olimpiada o‘yinlarida” komediyasidagi Yuliy Sezar obrazi bilan taniydi.