Jahon

Eron prezidenti mamlakat og‘ir iqtisodiy ahvolda ekanini ma’lum qildi

Eron prezidenti mamlakat og‘ir iqtisodiy ahvolda ekanini ma’lum qildi

Mas’ud Pizishkiyon Erondagi og‘ir vaziyatda Amerika yoki chet elliklarni emas, o‘z mamlakati rasmiylarini aybladi.

Eron og‘ir iqtisodiy sharoitda, odamlar esa norozi. Bu haqda Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ma’lum qildi. «Bu Amerika yoki chet elliklarni emas, o‘zimizning aybimiz», dedi prezident parlament yig‘ilishida. Uning so‘zlaridan Anadolu iqtibos keltirdi.

«Mamlakat og‘ir sharoitda va odamlar og‘ir iqtisodiy ahvolda. Iqtisodiyot, ijtimoiy, ekologiya, ta’lim va madaniyat sohalaridagi adolatsizlik va nomutanosiblik barchaga ta’sir qilmoqda», dedi prezident.

Pizishkiyon o‘z nutqida adolat masalasiga alohida to‘xtaldi. «Hukumatning vazifasi adolatli ish tutish, ya’ni xalqni rozi qilishdir. Bu biz butun qalbimiz bilan ishonadigan tamoyil. Hech bir din, imom va payg‘ambar odamlar uchun adolat chegarasidan chiqmagan. Ular dindormi yoki dinsizmi, turkmi, forsmi, arabmi, begonami yoki mahalliymi, farqi yo‘q. Barcha kurash adolat bilan bog‘liq», dedi siyosatchi.

Eron prezidenti mamlakatga qarshi tahdidlar haqida gapirar ekan, asosiysi AQSh ekanligini aytdi.

«Amerika sanksiyalar kiritadi, lekin birlashsak, bu tahdidlarni bartaraf eta olamiz. Mintaqada keskinlik, urush va qon to‘kilishi kuzatilmoqda. Qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarimiz sust, ijtimoiy kapitalimiz pasayib, ichki yaxlitligimiz zaiflashdi, hukumatning millat oldida obro‘si pasaydi. Bu bizning zaif tomonlarimizdir», dedi Pizishkiyon.

Uning ishontirishicha, rasmiylar mamlakatda qashshoqlikni kamaytirishga harakat qilishda davom etadi. «Biz bu xalqni boshqarish uchun emas, unga xizmat qilish uchun keldik. Davlat xizmat quroli bo‘lishi kerak, aks holda bu ahamiyatsiz va foydasiz», deb qo‘shimcha qildi u.