Bolalar ombudsmaniga Buxoro viloyatida yashovchi, voyaga yetmagan fuqaro, 2008 yilda tug‘ilgan A.O‘. (o‘g‘il bola) ning murojaati kelib tushdi.
Murojaatida A.O‘. oilasida faqat onasi doimiy ishda ishlashi, otasi rasmiy ish bilan band emasligi, faqat vaqti-vaqti bilan mavsumiy ishlab, topgan puliga har kuni spirtli ichimlik ichishini, yarim kechasi uyga kelib janjal qilishini, oila a’zolarini haqoratli so‘zlar bilan so‘kishi va urishini bildirgan.
Bolaga ko‘ra, otasi onasini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, akasini esa uydan haydab yuborgan. A.O‘. onasi maishiy zo‘ravonlik tufayli himoya orderi olganligini, lekin otasi himoya orderi talablariga rioya qilmayotganligini bildirib, o‘zini, onasi va akasini otasining ruhiy va jismoniy zo‘ravonligidan himoya qilishni so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasiga yuborgan so‘rovi asosida voyaga yetmagan A.O‘. ning oilasi yashash sharoiti va bugungi kundagi ahvoli o‘rganildi.
Tekshiruv davomida murojaatdagi vajlar o‘z tasdig‘ini topib, joriy yilning 14 avgust kuni A.O‘. ning onasi G‘.D. ga otasi G‘.N. tomonidan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazilishini oldini olish maqsadida berilgan himoya orderining talablariga rioya etish nazoratga olindi.
Jumladan, G‘.N. tuman sudi tomonidan MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi 1 qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga, A.O‘. ning otasi spirtli ichimlikka ruju qo‘yganligi yuzasidan sud qaroriga asosan majburiy davolanishga joylashtirish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi. Ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanidan so‘ng G‘.N. majburiy davolanishga joylashtirish choralari ko‘riladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!