“Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligiga bagʻishlab eʼlon qilgan “Mahalla taraqqiyoti uchun eng yaxshi biznes loyiha” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari eʼlon qilindi.
Mahallalarda amalga oshirilayotgan biznes loyihalarni aniqlash va moliyalashtirish, biznes loyihalar tashabbuskorlarini ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazilgan mazkur koʻrik-tanlovda tadbirkorlar faol ishtirok etdilar. Xususan, tanlovga respublika boʻyicha 1189 ta onlayn ariza kelib tushdi.
Loyihalar tashabbuskorlari www.biznes-portal.uz elektron platformasi orqali ariza yuborib, “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi ishtirokchisiga aylangan boʻlishi tanlovning asosiy sharti sifatida belgilandi.
Tanlovga kelib tushgan loyihalarni baholashda mahallalarda yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan biznes loyihalarga ustuvorlik berildi.
Tashkil etilgan tantanali marosimda koʻrik-tanlov Respublika bosqichining gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi.
Shuningdek, tanlovning hududiy bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan tadbirkorlarning mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi.
Muhim jihati shundaki, “Mahalla taraqqiyoti uchun eng yaxshi biznes loyiha” koʻrik-tanlovining xududiy va respublika bosqichlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan biznes loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-306 sonli qaroriga asosan joriy etilgan tartib asosida “Biznesni rivojlantirish banki” va tijorat banklari tomonidan imtiyozli shartlarda moliyalashtirildi.
Xususan, xududiy bosqichlarda gʻolib va sovrindor boʻlgan 42 ta loyihaga 7 mlrd. 560 mln. soʻmlik kreditlar ajratildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan eʼlon qilingan “33 ta loyiha” tanlovining gʻoliblari ham eʼlon qilindi va taqdirlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!