Jahon, Sport

Yamaykalik ikki karra Olimpiya chempioni vafot etdi

Yamaykalik ikki karra Olimpiya chempioni vafot etdi

Yamaykalik yengil atletikachi, ikki karra Olimpiya chempioni Jorj Roden 97 yoshida vafot etdi. Bu haqda Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Roden qisqa masofaga yugurish va estafeta poygalari bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etgan. U Markaziy Amerika va Karib havzasi o‘yinlari chempioni va sovrindori, ikki karra Olimpiya chempioni, Olimpiya va jahon rekordchisi hisoblanadi.
Uning vafoti sababi noma’lum.

Ma’lumot uchun, 1948 yil Londonda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Roden 400 metrga yugurish va 4×400 metrga estafeta musobaqalarida qatnashgan, ammo medal qo‘lga kirita olmagan. Sportchi to‘rt yil o‘tib Helsinkidagi Olimpiya o‘yinlarida ikki yo‘nalishda ham oltin medalga ega chiqqan. U 400 metr masofaga yugurishda birinchi o‘rinni qayd etib, 45,9 soniya natija bilan Olimpiya rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, 4×400 metrga estafetada Yamayka terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan. Musobaqaning ilk bosqichida uning jamoasi Olimpiya rekordini o‘rnatgan, final poygasida esa jahon rekordini qayd etib g‘alaba qozongan.