Yangiliklar

Turkiyada tutqunlikda saqlab kelingan qashqadaryolik ayol qutqarildi

Turkiyada tutqunlikda saqlab kelingan qashqadaryolik ayol qutqarildi

Bosh konsulxonaga Tashqi ishlar vazirligi orqali Qarshi shahridan 21 yoshli fuqaro o‘z onasining Istanbulga 4-yil oldin ketgani, 3-yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, onasini topish va vatanga qaytarishda yordam so‘ragan murojaati kelib tushgan. Bu haqda Istanbul Bosh konsulxonasi xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, olib borilgan tekshirishlar natijasida, 1982-yil Qarshi shahrida tug‘ilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida ekanligi, 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilganligi aniqlangan.

«Joriy yilning 27-avgust kuni Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbul shahridagi vakili, “O‘zbek ayollari huquqlarini himoya qilish” jamiyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etildi. Natijada, vatandoshimizning hayotiga va sog‘ligiga ziyon yetkazilmagan holda qutqarilib Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetkazildi», deyiladi rasmiy xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Turkiya qonunchiligiga binoan shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlaganligi uchun M.G.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda vatandoshimiz X.D.ni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.