Yangiliklar

Taniqli yapon aktyori O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi

Taniqli yapon aktyori O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi

Keysuke Minami aktyorlikdan tashqari Jahon merosi akademiyasida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Taniqli yapon aktyori va boshlovchisi Keysuke Minami O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi. Bu haqda Turizm vazirligi xabar qildi.

Keysuke Minami 1985-yilda Tokio shahrida tug‘ilgan. Yaponiyaning mashhur Vaseda universiteti bitiruvchisi. Bir qancha yapon kino va seriallarida bosh rollarni ijro etgan. Yaponiyaning eng mashhur sayyohlik ko‘rsatuvi – “Asada! Namadesu tabi sarada”ning asosiy boshlovchilaridan biri sifatida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, u “Jahon tarixiy merosi” master sertifikatiga ega bo‘lib, “Jahon merosi akademiyasi” (World Heritage Academy) lektori sifatida ishlaydi.

Yapon aktyori avvalroq O‘zbekistonda bo‘lgan va tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan 5 qismli ko‘rsatuv tayyorlagan.

Keysuke Minami Yaponiyada O‘zbekistonning turizm salohiyati va O‘zbekiston turizm brendini keng targ‘ib qilish, sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, yetakchi OAVda O‘zbekiston salohiyati haqida ko‘rsatuvlar tayyorlash va maqolalarni chop etishga ko‘maklashadi.