Ma’lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Bekobod shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimi Bunyod Mirboboyev 2023-yil 12-mart kuni elektr uskunalarida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan.

Korxona uning oila a’zolariga to‘lanishi lozim bo‘lgan 340 million so‘m miqdoridagi zarar pullarini 1 yildan ortiq vaqt davomida to‘lamay kelgan. Davlat mehnat inspeksiyasi aralashuvi bilan ushbu summa marhumning oila a’zolariga korxonadan to‘liq undirib berildi.

Avvalroq Qashqadaryoda yakshanba kuni ishga chiqib, ish vaqtida vafot etgan obodonlashtirish xodimi oilasiga 167 mln so‘m moddiy va ma’naviy zarar undirib berilgani xabar qilingandi.

2024-yilning 6 oyi davomida sodir bo‘lgan 387 ta baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari vafot etgan.

Baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berildi va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi — 26 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan.