Yangiliklar

Rossiyada migrantlarning bolalariga maktablar pulli qilinishi mumkin

Rossiyada migrantlarning bolalariga maktablar pulli qilinishi mumkin

Rossiya Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari boʻyicha qoʻmitasi rahbari Yaroslav Nilov Rossiya fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning bolalari uchun bolalar bogʻchalari va maktablarda bepul taʼlim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Biz bu xayriya davrini tugatishni taklif qilamiz, chet ellik bolalar Rossiya byudjeti hisobidan, soliq toʻlovchilarimiz hisobidan taʼlim olmasligi kerak. Ular uchun taʼlim nafaqat bepul, balki ular bizga begona submadaniyatni, oʻz qoidalarini ham oʻrnatmoqda. Marhamat, xorijlik ota-onalar farzandlarini taʼlim muassasalarimizga tijorat asosida joylashtirsin. Oʻzimizning rus bolalari chet ellik ishchilar farzandlarining haddan tashqari koʻpligidan aziyat chekmasin”, dedi Nilov.

Qonun loyihasida “Rossiya Federatsiyasida taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish kiritish taklif etilmoqda, unga koʻra chet ellik bolalar uchun maktabgacha, boshlangʻich umumiy, asosiy umumiy va oʻrta umumiy taʼlim “pulli asosda amalga oshiriladi”. Hozir ularning barchasi bepul asosda taʼlim olmoqda.

Qonun loyihasiga tushuntirish xatida taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda bogʻchalar va maktablarda MDH ayrim mamlakatlari va Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarning bolalari soni keskin koʻpaygan.

“Rossiyadagi bolalar bogʻchalari va maktablarida migrantlar sonining nazoratsiz oʻsishi ulardagi oʻrinlarning yetishmasligiga olib keladi. Hozir rus maktablarida taxminan 900 ming oʻrin yetishmayapti. Bu ayniqsa, yangi va faol qurilayotgan rayonlarda sezilyapti. Baʼzi maktablarda oʻnlab birinchi sinflar tashkil qilinmoqda, ikkinchi smenada oʻqiyotganlarning ulushi ham oshgan. Oʻqituvchilar meʼyordan 1,5-2 barobar koʻp ishlashga majbur boʻlmoqda”, deyiladi tushuntirish xatida.

Qonun loyihasi mualliflariga koʻra, maktablarda migrant bolalar sonining koʻpayishi butun sinfda oʻqish natijalarining pasayishiga olib keladi, chunki migrant bolalar rus tilini yaxshi bilmaydi. Shu bilan birga, moslashuv sinflarini tashkil etish oʻqituvchilarning ish haqi uchun qoʻshimcha xarajatlarni talab qiladi. Shu sababli migrant bolalar uchun pulli taʼlim berish tavsiya etiladi.