Jahon

Afgʻon ayollari Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarida oʻqitiladi

Afgʻon ayollari Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarida oʻqitiladi

Afgʻonistonlik 160 nafar ayollar Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarida oʻqitiladi.

Qatar davlati poytaxti Doha shahrida 9 sentyabr kuni Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatarning “Taʼlim har narsadan ustun” fondi oʻrtasida afgʻon ayollarini Oʻzbekistonda tibbiyot sohasida oʻqitishni tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.

Mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afgʻon ayolini Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tibbiyot yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitishi rejalashtirilgan.

Oʻquv dasturlari Oʻzbekistondagi tajribali tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib borilib, ayollarning kasbiy koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan birga ularning oʻz vatanidagi tibbiyot sohasiga qoʻshayotgan hissasini kuchaytirishga ham katta taʼsir koʻrsatadi.

Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni oʻz zimmasiga oldi. Xususan, “Taʼlim har narsadan ustun” fondi afgʻon ayollarini oʻqitish, turar joy bilan taʼminlash va boshqa zarur xarajatlar uchun 2,2 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratadi.

Mazkur memorandumning imzolanishi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro taʼlim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.

Mazkur kelishuv nafaqat Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Afgʻonistondagi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda oʻziga ishonadigan tibbiyot mutaxassislari yetishib chiqishiga zamin yaratadi.