M25 konidagi texnogen ofat sabab ommaviy zaharlanish kuzatilmayapti, faqat ayrim holatlarda odamlar yengil zaharlanmoqda, deya ma’lum qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili. U konni jilovlash ishlari yaqin kunlarda amalga oshirilishini aytdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi 11-sentabr kuni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda mas’ullardan Boysundagi gaz konida yuzaga kelgan holat va aholining zaharlanishi haqida ham so‘raldi.
«1-sentabr kuni gaz chiqa boshlagan bo‘lsa, mas’ul tashkilotlar bilan atrofdagi bir nechta qishloqlar evakuatsiya qilindi, aholi bu joylardan ko‘chirildi. Shamol yo‘nalishi qaysi tarafga esayotgan bo‘lsa, bu gaz ham o‘sha yoqqa qarab esib boradi. Bu tog‘ oldi hudud bo‘lgani uchun har xil tomondan shamol esadi.
Hozirda o‘sha gaz chiqayotgan burg‘ulash qurilmalarining yaqinidan qo‘shimcha shtolnya qazilib, gaz chiqarib qo‘yilgan va bu yomon gaz bo‘lgani uchun aholi va hududlarga ta’sirini kamaytirish maqsadida yondirib qo‘yilgan. Ya’ni keraksiz gazlar yoqib yuborilyapti. Bu tajriba butun dunyoda ham bor.
Hozirgi kunda yuqori bosimda chiqayotgan gazni jilovlash, siqib olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil qilingan, ishlar amalga oshirilyapti. Asosiy ishni bajaruvchi tashkilot – “O‘zbekenergo”. Ular bilan hamkorlikda shtab tashkil qilingan, u yerda hukumat komissiyasi bor. Respublika rahbariyati o‘sha kunning o‘zidayoq topshiriqlar qo‘ygan, aholiga xavflarning oldini olish bo‘yicha bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar amalga oshirilyapti.
Lekin, uyidan yoki chorva mollaridan xavotir olib, evakuatsiya qilingan joyga qaytib kelayotgan aholi vakillari ham bor. Bugungi kunda ommaviy zaharlanishlar yo‘q. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardan ham ko‘ryapmiz yoki o‘zimizdagi ma’lumotlar bo‘yicha, uy-joyini, mol-holini ko‘rgani kelgan aholida ayrim hollarda zaharlanish hollari bor. Bu – yengil zaharlanish. Shifokorga murojaat qilganidan so‘ng, yordamni olib, qisqa vaqt ichida chiqqan holatlar bor. 2-3 kun oldin bo‘lgan ayollar [zaharlangani] holatida, ular qisqa vaqtda shifoxonaga borishgan va zaruriy yordam ko‘rsatilgan, ular bugungi kunda ishni davom ettirishyapti. Demak, bunday holatlar ham bor.
Hozirda xorijiy tajriba ham o‘rganilyapti. Yaqin kunlarda konni jilovlash ishlari amalga oshiriladi”, – dedi Samandar Hikmatullayev.
FVV vakili “qancha vaqtda gaz chiqishi to‘xtatiladi, odamlar kutyapti” degan aniqlashtiruvchi savolga yana “qisqa qisqa kunlar ichida” deb javob berdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!