Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yoʻlovchilardan biri avtobusdan tushirilib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, voqea 10-sentyabr kuni, soat 18:03da poytaxt koʻchalarida harakatlanuvchi 93-sonli avtobus yoʻnalishida sodir boʻlgan.
Mazkur holat “Toshshahartransxizmat” AJ masʼullari tomonidan oʻrganilgan.
Aniqlanishicha, oʻsha kuni avtobus yoʻnalishi haydovchisi R.O tomonidan yordamlashish uchun ishga jalb qilingan Sherali ismli fuqaro va yoʻlovchi oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Holatga xolislik bilan aniqlik kiritish maqsadida, avtobusga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralaridagi yozuvlar tekshirilgan. Tasvirlarga koʻra, transportdan tushirib yuborilgan erkak mast boʻlgan.
Shuningdek, yoʻlovchi jamoat transportida yurish qoidasiga va madaniyatiga amal qilmasdan avtobus salonidagi boshqa yoʻlovchilar, jumladan, yonida turgan ayolga qoʻpollik qilgan. Shu sababli avtobus haydovchisining tanishi boʻlgan Sherali ismli fuqaro uni transportdan tushirib yuborgan. Biroq nizo avtobusdan tushgandan keyin ham davom etgan.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, oʻzaro janjallashib, jamoat tartibini buzgan mazkur ikki shaxsga nisbatan hozirda Ichki ishlar organlariga taqdimnoma kiritilgan. Endilikda ular tomonidan qilingan xatti-harakatlarga huquqiy baho beriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!