Jamiyat

❗️“MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

❗️“MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining rasmiy munosabatiga ko‘ra, 5-sentyabr kuni Yunusobod tumanida joylashgan “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni iste’mol qilgan 23 nafar fuqaro 6—8-sentyabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga (22 nafar) hamda Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga (1 nafar) joylashtirilgan.

Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12-sentyabr soat 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uyiga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda.

Hozirda Sanepidqo‘mning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi iste’mol qilgan mahsulot) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelinmoqda.