Jamiyat

Shahrisabz aeroporti faoliyati 20 yildan soʻng qayta tiklandi

Shahrisabz aeroporti faoliyati 20 yildan soʻng qayta tiklandi

Shahrisabz mahalliy aeroporti 11-sentyabr kuni fuqaro aviatsiyasining parvozlari uchun oʻz faoliyatini tikladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Silk Avia aviakompaniyasining Toshkentdan uchgan samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da aeroportga borib qoʻngan. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etgan.

L410 rusumli samolyot suv arkasi bilan, birinchi yoʻlovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Aeroportga parvozlar deyarli 21 yildan soʻng qayta yoʻlga qoʻyildi. Shahrisabz aeroporti 2003-yilning noyabr oyida yopilgan edi.

Shahrisabzdan 5 km janubi-gʻarbda qurilgan mazkur aeroport 1983-yilda ochilgan. 1983-1996-yillarda Toshkent-Shahrisabz yoʻnalishi boʻyicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4-marta, kuz-qish mavsumida esa 3-marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yoʻnalishi boʻyicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan. 1993-1995 — yillarda Toshkent – Qarshi – Shahrisabz yoʻnalishida parvozlar yoʻlga qoʻyilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda amalga oshirilgan.