Jahon

Tojikiston bosh muftiysiga pichoqli hujum uyushtirildi

Tojikiston bosh muftiysiga pichoqli hujum uyushtirildi

Tojikiston bosh muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda 11-sentyabr kuni poytaxt Dushanbedagi markaziy masjid yaqinida sodir etilgan hujumda yaralandi, deb xabar berdi respublika Ichki ishlar vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, “bezori niyatli” shaxs masjiddagi namozdan so‘ng muftiyni “teshuvchi buyum” bilan pichoqlagan. Muftiy yengil tan jarohati olgan va tibbiy ko‘rikdan so‘ng uyiga jo‘natilgan. Ichki ishlar vazirligi hujumchi qo‘lga olinganini qo‘shimcha qildi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jarohatlangan muftiy 61 yoshda bo‘lib, 2010-yildan buyon Tojikiston Ulamolar kengashini boshqarib kelmoqda. Muftiy diniy ta’limni Pokistonda olgan.

Ulamolar kengashi respublikadagi musulmonlarning oliy organi hisoblanadi. Mamlakatda faqat ushbu tashkilot fatvo berish huquqiga ega.

Iyun oyida Tojikiston parlamenti islomiy liboslar va Ramazon hayitini nishonlashni tartibga soluvchi yangi qonun loyihasini qabul qilganidan keyin hijob va boshqa “xorijiy kiyim” kiyishni rasman taqiqlagan edi. Mart oyida mamlakat prezidenti Emomali Rahmon hijobni “xorijiy kiyim” deb atagan edi. Uning hukumati muqobil sifatida an’anaviy tojik milliy kiyimlarini targ‘ib qilishga harakat qilmoqda.

Yangi qonunga ko‘ra, hijob yoki boshqa taqiqlangan diniy kiyim kiygan shaxslar 7920 somoniy (taxminan 700 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Hukumat amaldorlari va diniy arboblar qonunbuzarlik aniqlansa, 54 000 dan 57 600 somoniygacha (4 800 dan 5 100 dollargacha) yanada yuqoriroq jarimaga tortiladi.

Iyul oyida mamlakat hukumati bundan ham uzoqroqqa bordi va aholiga qora kiyim kiymaslikni tavsiya qildi. Mamlakat rasmiylari ham norasmiy ravishda erkaklarni qalin soqol qo‘yishdan qaytarib kelmoqda. Huquq faollari Tojikiston rasmiylarining hijob o‘rash qarorini e’tiqod erkinligining buzilishi sifatida tanqid qildi.