Ular «Qizil kitob»ga kiritilgan ushbu toshbaqalarni qo‘l sumkasi va avtomobil salon qismining orqa o‘rindig‘iga yashirishga uringan.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Farhod” chegara bojxona posti xodimlari hamda Kontrabandaga qarshi kurashish guruhi tezkor xodimi tomonidan, Bekobod shahar DXX tezkor xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida O‘zbekistondan qo‘shni davlatga chiqib ketish uchun “Farhod” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan ikki nafar fuqaro yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Natijada og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 153 dona toshbaqalar borligi aniqlandi.
So‘ngra tadbir davom ettirilib, “Farhod” chegara bojxona post atrofida to‘xtab turgan avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, avtotransport vositasining yukxonasi hamda salon qismining orqa o‘rindig‘ida 4 dona qutilarga joylashtirilgan 247 dona toshbaqalar borligi aniqlangan.
Ma’lumot o‘rnida, tabiiy populyatsiyani saqlab qolish uchun ushbu tur Qizil kitobning yangi nashriga kiritilgan.
«Hozirda 400 dona O‘rta Osiyo toshbaqalari Bekobod shahar ekologiya atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limiga vaqtincha saqlashga topshirildi. Keyinchalik ular tabiatga qo‘yib yuboriladi»,- deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!