“Oʻzbektelecom” AK (UZMOBILE), “Coscom” MChJ (UCELL), “Universal mobile systems” MChJ (MOBIUZ), “Unitel” MChJ (BEELINE) va “Humans” MChJ aloqa kompaniyalari tomonidan belgilangan tariflardagi tushunmovchiliklar, aloqa va internet xizmatlarining sifatsizligi, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun ortiqcha toʻlovlar olinishiga oid koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi maʼlum qildi.
Xabarga koʻra, Qoʻmita mazkur murojaatlarni mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma, tanlangan tarif rejasi va aloqa xizmatlarining shartlariga mosligi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatida “Humans” aloqa xizmati foydalanuvchisi 6 mln 700 ming soʻm pul mablagʻi tegishli hisobga oʻtmagani, yechib olingan pul qaytarib ololmayotganidan norozi boʻlgan.
Aniqlanishicha, murojaatchi haqli boʻlib chiqqan. Natijada fuqaroning huquqlari tiklangan va “Humans” MChJ aloqa xizmat koʻrsatish kompaniyasi tomonidan 6 mln 700 ming soʻm pul toʻliq qaytarib berilishi taʼminlangan.
Toshkent viloyatida ham “Humans” MChJ koʻrsatgan xizmatdan norozi fuqaro qoʻmitaga murojaat qilgan.
Taʼkidlanishicha, foydalanuvchi telefon raqami orqali pul mablagʻini kompaniya elektron hamyoniga oʻtkazayotgan vaqtda bitta raqamga adashganligi bois boshqa hisob raqamga oʻtib ketgani, endilikda, pul mablagʻlarini qaytarib ololmayotganligi aniqlangan.
Yakunda “Humans” MChJ tomonidan 6,2 mln soʻm pul mablagʻlari fuqaroning plastik kartasiga qaytarib berilgan.
Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi shaxs ham “Humans” aloqa kompaniyasidan yanglishib yuborilgan 5 mln soʻmini qaytarib ololmayotganligi yuzasidan norozi boʻlgan.
Oʻrganish davomida MChJ mutaxassislari bilan suhbatlashilib, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddalari talablari boʻyicha tegishli tushuntirishlar berib oʻtilgan. 5 mln soʻm mablagʻ esa fuqaroning bank plastik kartasiga oʻtkazib berilgan.
Surxondaryo viloyatidan murojaat qilgan fuqaro “Beeline” kompaniyasining bepul ilovasidan 450 000 soʻm pul mablagʻini toʻliq oʻtkaza ololmagani, mobil ilovada qolib ketgan pulni esa qaytarish boʻyicha kompaniya hech qanday chora koʻrmayotganligi maʼlum qilgan.
Yakunda nosozlik tufayli mobil ilovada qolgan mablagʻ isteʼmolchiga “UNITEL” MChJ tomonidan qaytarilgan.
Maʼlumot uchun, Raqobat qoʻmitasiga joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida aloqa boʻyicha isteʼmolchilardan 1 563 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Umumiy hisobda esa 91,5 mln. soʻmga yaqin mablagʻ isteʼmolchilarga qaytarib berilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!