Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi 2-mavsumi doirasida gʻolib boʻlgan loyihalar boʻyicha sohalar kesimidagi tahliliy maʼlumotni taqdim qildi.
Jadvalga koʻra, ichki yoʻllarni taʼmirlashga oid loyihalar bu mavsumda eng koʻp gʻolib boʻlgan – 773 ta. Bu jami gʻolib boʻlgan loyihalarning 40 foizini tashkil etadi. Viloyatlar kesimida esa Qashqadaryo asosiy eʼtiborni mazkur masalaga qaratgan. Bu viloyat jami 137 ta loyihani yutgan boʻlsa-da, shundan 106 tasi ichki yoʻllarni taʼmirlashga tegishli.
Ikkinchi eng koʻp yutgan loyihalar umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilishga taalluqli – 472 ta (24 foiz). Bunda eng koʻp yutgan viloyatlar – Andijon (66 ta) va Fargʻona (65 ta).
Uchinchi oʻrinda esa tibbiyot tashkilotlariga oid loyihalar joy olgan – 318 ta (16 foiz).
Ajablanarlisi, tibbiyot tashkilotlariga oid loyihalarni eng koʻp yutgan hudud Toshkent shahri boʻlgan.
Poytaxt aholi yutgan loyihalarning asosiylari tibbiyot va taʼlimga qaratilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!