“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvonini taʼsis etilishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Faol va jonkuyar insonlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvonini taʼsis etish taklifi bildirildi.
Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi Orxus konvensiyasiga qoʻshilish masalasi koʻrib chiqildi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik boʻyicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi.
Shuningdek, endilikda daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo oʻzanlaridan noqonuniy qum-shagʻal qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qatʼiylashtirish choralari koʻriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!