Jamiyat

Bolaga nisbatan oilaviy zoʻravonlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Bolaga nisbatan oilaviy zoʻravonlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Senatning bugun boʻlib oʻtayotgan ellik yettinchi yalpi majlisida “Oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur qonun Jahon banki tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit yaxshilanishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

JSST maʼlumotiga koʻra, dunyodagi har uchinchi ayolga oʻz umr yoʻldoshi tomonidan jismoniy tazyiq oʻtkaziladi. Tazyiq va zoʻravonlik oqibatida oʻlim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush oʻrtogʻi yoki u bilan birga roʻzgʻor qurib yashayotgan shaxsning aybi boʻladi.

2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning 55,6 foizi, yaʼni 506 tasi taraflar yarashgani munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, yaʼni 388 tasi boʻyicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan toʻldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar yuzasidan yarashuv toʻgʻrisidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.

Yaʼni oilaviy (maishiy) zoʻravonlik boʻyicha ishlar yuzasidan yarashuv toʻgʻrisidagi ariza faqat ishni sudda koʻrish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

«Himoya orderi berilishi bu – ishimiz bitdi degani emas. Bu zoʻravonlikka qarshi kurashish ishining boshlanishi. Chunki jabrlangan shaxsga tibbiy, ijtimoiy, psixologik, iqtisodiy, moliyaviy yordam berilishi kerak boʻladi. Lekin zoʻravonga nisbatan bizda hozircha hech qanday ishlar tashkil qilinmayapti. Tuzatish dasturini ishlab chiqib, individual tarzda har bir shunday shaxs bilan, bizga yot boʻlgan illatlarga qarshi ishlashimiz kerak. Shuning uchun bu masalaga kompleks yondashish lozim.

Bu masalalar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi yaxshi ishlarni boshladi. Lekin ushbu agentlik atrofida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birlashib ishlashi talab etiladi», deya taʼkidlab oʻtdi qonun muhokamasida Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.