Rossiyadagi eng koʻp mehnat migrantlari oʻzbekistonliklar ekani aniqlandi. 8 oyda Rossiyaga 1 million 880 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi borgan.
Rossiya federatsiyasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-polkovnik Aleksandr Gorovoy Kommersant nashriga bergan intervyusida mamlakatdagi migrantlar soniga toʻxtalib oʻtdi.
Vazirlikka koʻra, Rossiyada 6,1 milliondan ortiq chet elliklar boʻlib, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan kelgan. Nashr Ichki ishlar vazirligiga tayanib, 2024 yil yanvar-avgust oylarida Rossiyada boʻlib turgan, ushbu davlatga kelgan va qaytib ketgan mehnat muhojirlariga doir raqamlarni ochiqladi. Statistika — barcha ustunlarda eng koʻp Oʻzbekiston fuqarolari ekanini koʻrsatmoqda.
Keyingi oʻrinda 1,2 milliondan ortiq tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada boʻlib turganini koʻrish mumkin.
Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasidagi bordi-keldi munosabatlari milliondan oshgan boʻlsa-da, ayni vaqtda Rossiya boʻlib turgan qozogʻistonliklar soni nisbatan kamroq – 609 ming kishi. Markaziy Osiyoning yana bir davlati Qirgʻizistonning esa 262 mingdan ortiq fuqarosi Rossiyada boʻlib turibdi.
Rossiyada boʻlib turgan qariyb yarim million xitoyliklar roʻyxatda toʻrtinchi oʻrinda. Bundan tashqari, Armaniston, Ozarboyjon, Belarus, Turkiya va Turkmanistonning ham yuz minglab fuqarolari Rossiya hududida boʻlib turibdi.
Rossiya ichidagi migratsion siyosatni nazorat qiluvchi amaldorga koʻra, mamlakatda 739 mingga yaqin noqonuniy migrantlar ham bor. Ularning asosiy qismi ham Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Ozarboyjon fuqarolari.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!